Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PQ-4913-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi Kadastr ishlarini bajarish sohasida davlat organlari funksiyasini xususiy sektorga o‘tkazish to‘g‘risida qonuni xalq muhokamasiga qo’yildi. Mazkur qonun Toshkent viloyati va Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisining malaka shahodatnomasini berish tartibini belgilaydi. Shuningdek:
- Malaka shahodatnomasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan bepul beriladi.
- Geodeziya, bino va inshootlar qurilishi, qurilish ekspertizasi, ko‘chmas mulk ekspertizasi, arxitektura, yer tuzish va yer kadastri bo‘yicha oliy ma’lumotga ega yoki kadastr munosabatlari sohasida kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi bo‘yicha ta’lim olgan talabgorlar malaka imtihonini topshirishga qo‘yiladilar.
- Kadastr muhandisi Toshkent viloyati va Toshkent shahri hududida faoliyat yuritadi. Bunda, kadastr muhandisi o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik shaxslar bilan mehnat shartnomasi tuzadi yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritadi.
Kadastr muhandisi Toshkent viloyati va Toshkent shahri hududida shartnoma asosida quyidagi kadastr xizmatlarini ko‘rsatadi:
- ko‘chmas mulk obyektlarini xatlovdan o‘tkazish;
- ko‘chmas mulk obyektlarining qavatma-qavat rejalarini tuzish;
- ko‘chmas mulk obyektlari texnik rejalarini rasmiylashtirish;
- ko‘chmas mulk obyektlarini texnik hisobga qo‘yish.
Kadastr yig‘majildini tayyorlash jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatini beruvchi avtomatlashtirilgan axborot tizimini saqlash va takomillashtirish maqsadida, Kadastr agentligi tomonidan har bir ko‘chmas mulk bo‘yicha so‘rov uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida to‘lov undirilishi belgilansin.
Qonun loyihasi 16-fevralgacha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida muhokamalar uchun ochiq holatda bo’ladi.