2021-yil 1-apreldan boshlab avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham amalga oshirilishiga imkoniyat yaratiladi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq avtotransport vositalarining oynalarining tusini o‘zgartirganlik uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini olish uchun YAIDXP orqali murojaat etganda, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to‘lanadi.

Qaror loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar:

  • avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish jarayonining avtomatlashtirilishini;
  • avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati YAIDXP orqali ko‘rsatilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan axborot tizimlarining o‘zaro integratsiya qilinishini;
  • YAIDXPda foydalanuvchining shaxsiy kabinetida shu foydalanuvchiga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomat tarzda joylashtirilishi va real vaqt rejimida yangilanib borilishini;
  • davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun to‘langan to‘lovlar Davlat bojlari va yig‘imlar summasi hisobini yurituvchi Yagona billing tizimi (keyingi o‘rinlarda Yagona billing tizimi deb ataladi) orqali elektron tarzda amalga oshirilishini ta’minlash topshirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmati ko‘rsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi bo‘yicha ularning faoliyati yuzasidan, shu jumladan YAIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatish;
  • ushbu qaror bilan tasdiqlangan davlat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglament talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazolar qo‘llash yuklanmoqda.