O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulug‘bek Maqsudov “Sunbula technologies Est.” kompaniyasi raisi Ubaydulla Siddiyqiy bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Elchixona O‘zbekistonning “BMB Trade Group” kompaniyasi tomonidan yetishtirilgan za’faron namunalarini kompaniya rahbariga taqdim etdi. Bu mahsulot Saudiya Arabistoni oziq-ovqat va dori-darmon vositalari agentligi (SFDA) tomonidan tekshiriladi va tegishli sifat sertifikati olinadi.

“Umid qilamizki, za’faron — bu O‘zbekiston bilan hamkorligimizning boshlanishi bo‘ladi. Kelajakda keng turdagi mahsulotlar import qilish niyatidamiz. Saudiya vakillari hozir za’faronni Marokash, Ispaniya, Hindiston, Afg‘oniston va Pokiston kabi davlatlardan olib kelmoqda.

Shu ma’noda O‘zbekistonda yetishtirilishi boshlangan za’faronga qiziqishimiz katta. Umid qilamizki, o‘zbek za’faroni sifat jihatidan raqobatbardosh va Saudiya bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi", deb ta’kidladi kompaniya raisi.

Ubaydulla Siddiyqiy, shuningdek, O‘zbekistondan tabiiy asal va tog‘ o‘simlik giyohlaridan tayyorlangan mahsulotlarni ham import qilish imkoniyatini o‘rganmoqchiligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonida shifobaxsh ekologik toza mahsulotlarga talab yuqori.