Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Qonun loyihasi bilan elektr dvigateli orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini sotib olish va vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘im to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilyapti.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining o‘ziga xos “o‘sish nuqtasi” deb aniqlangan faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyktlariga 2024-yil 1 yanvarga qadar foyda va suv soliqlari bo‘yicha 50 foizlik imtiyoz berilmoqda. Tadbirkorlar berilgan imtiyozlardan oqilona foydalangan taqdirda soliqlardan iqtisod qilingan mablag‘ hisobidan faoliyatini yanada kengaytirish imkoniyati yaratiladi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi koronavirus pandemiyasi holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish hamda aholi daromadlarini ko‘paytirishga, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-xuquqiy hujjatlarni tizimlashtirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.