Uzreport TV telekanali sudga murojaat qilishining sababi, “Unitel” MChJ (“Beeline” savdo belgisi) kompaniyasi oʻziga tegishli boʻlgan “Beeline TV” mobil ilovasida Uzreport TV bilan shartnoma tuzmasdan Uzreport va Futbol TV telekanallarini namoyish qilib, moddiy manfaat koʻrib kelmoqda, deya yozmoqda huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev.

Mazkur harakatlari bilan “UNITEL” MChJ Uzreport TV telekanalining qonuniy huquqlarini buzmoqda, deb hisoblaydi telekanal.

Xabarda aytilishicha, Uzreport TV tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, “Unitel” MChJ kompaniyasi yuqorida koʻrsatilgan xatti-harakatlarini bartaraf etish yuzasidan chora koʻrmagan. Telekanal suddan “Unitel” MChJ kompaniyasi “Beeline TV” mobil ilovasida Uzreport TV va Futbol TV telekanallarini shartnoma tuzmasdan namoyish etmaslikni soʻragan.

Maʼlumot uchun, Uzreport TV (Futbol TV) futbol boʻyicha Yevropaning bir qator chempionatlarining Oʻzbekiston boʻylab eksklyuziv translyatsiya huquqi egasi hisoblanadi.