Rossiya 10-iyundan boshlab Oʻzbekiston, Belarus, Gretsiya, Ozarbayjon, Armaniston, Qatar, Tojikiston, Misr va Serbiyaga parvozlar sonini koʻpaytiradi, shuningdek, Moskva-Myunxen reysi qayta tiklanadi, deya xabar berdi mamlakatning koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha tezkor shtab.

Tezkor shtab oʻzaro asosda Moskva-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston bilan parvozlar sonini 10-iyundan haftasiga qoʻshimcha bittaga oshirishga qaror qildi.

Eslatib oʻtamiz, Rossiya hududiga koronavirus infeksiyasi kirishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha tezkor shtabning 25-mart kuni oʻtkazgan yigʻilishida bir qator mamlakatlar bilan muntazam aviaqatnovlarni tiklash yuzasidan qaror qabul qilingan edi.

Mazkur qarorga muvofiq, joriy yilning 1-aprel sanasidan eʼtiboran Rossiya hamda Oʻzbekiston oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar haftasiga bir marotaba amalga oshirilishiga ruxsat etildi.

Avvalroq Spot, Uzbekistan Airways Moskvaning Domodedovo aeroportidan parvozlarni tiklaganligi haqida xabar bergan edi.