Amerikaliklarga Xitoyning 59 kompaniyasi aksiyalarini sotib olishni taqiqlovchi farmonni mamlakat prezidenti Jo Bayden 3 iyun kuni imzoladi, deb xabar qildi Oq uy matbuot xizmati.

“Ijro etuvchi buyruq AQSh fuqarolariga ommaviy savdoda bo’lgan har qanday qimmatli qog’ozlarni sotib olish yoki sotishni taqiqlaydi”, deyiladi bayonotda.

Farmon, Vashington fikriga ko’ra, Xitoyning mudofaa sektori bilan bog’liq bo’lgan kompaniyalariga tegishli. Ushbu ro’yxatga aviatsiya va kosmik sohasi kompaniyalari ham kiritilgan. Farmon 2-avgustdan bkuchga kiradi.

Kompaniyalarning to’liq ro’yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

Ma’lumot uchun, Xitoyning eng yirik korporatsiyalaridan biri Xiaomi qora ro’yxatga tushishi yuzasidan bo’lgan sudda g’olib chiqqan edi.

O’zining sud da’vosida xitoylik texnika giganti Pentagonning qora ro’yxatini “konstitutsiyaga zid” deb ataydi va ro’yxatda bo’lish kompaniya biznesiga “muqarrar va tuzatib bo’lmaydigan zarar” keltirishini ta’kidlaydi. Xiaomi advokatlari, shuningdek, AQSh rasmiylari hali ham kompaniyaning XXR harbiy-sanoat kompleksi bilan hamkorlik qilishiga oid biron bir dalil keltirmaganligini ta’kidlagan edilar.