Soliq islohoti, jumladan, QQS, real inflyatsiyaning pasayishiga olib keldi. Bu haqda korzinka.uz supermarketlar tarmogʻi rahbari Zafar Hoshimov Facebook’dagi sahifasida taʼkidlab oʻtgan.

Tadbirkor QQS bozordagi narxlar koʻtarilishiga taʼsir etmayotganini, buni shaxsan isbotlashi mumkinligini aytgan.

Unga koʻra, QQS bilan uchinchi yil inflyatsiya darajasi avvalgi QQS siz uch yilga nisbatan past. Shu bilan birga, tadbirkor 2017-yilgacha katta shubhalarni keltirib chiqaradigan rasmiy raqamlar haqida emas, balki korzinka.uz da doimiy ravishda oʻlchanadigan chakana savdo tovarlari oʻrtacha savatining inflyatsiyasi haqida gapirmoqda.

“Ushbu koʻrsatkich 2015−2018-yillarda 15−18% dan 2019−2020-yillarda 12−13% ga tushdi. Shu bilan birga, pandemiya sababli yana koʻplab oziq-ovqat mahsulotlari (yogʻ, un, shakar va boshqalar) naxri „oʻynayotgan“ edi. Soliq islohotisiz nima boʻlardi, oʻylashga ham qoʻrqaman” — deb yozgan Zafar Hoshimov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, joriy yilning birinchi yarmida yillik inflyatsiya 10,5−11% darajasi prognoz qilingan, ushbu koʻrsatkich kompaniya tashkil topgandan beri qayd etilgan eng past koʻrsatkich ekan.

Shuningdek, tadbirkor naqd pul bilan sotib olish va pul oʻtkazmalari oʻrtasidagi farqqa izoh berib, uning mavjudligini, ammo QQS joriy etilgandan soʻng kichiklashib ketganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, hozirgi farq soliq toʻlashdan boʻyin tovlash boʻlsa, ilgari bu har qanday biznesning tabiati edi.

“Aytgancha, butun dunyoda bunday farq (soliq toʻlashdan boʻyin tovlash) mavjud, ammo toʻgʻri soliq tizimi bilan falokat koʻlami ancha kichikroq”, — deb yozgan tadbirkor.

Avvalroq Spot, Zafar Hoshimov qaysi universitet talabalarini suhbatlashmasdan ishga olish mumkinligini haqida xabar bergan edi.