Onlayn-auksion portaliga yana oltinni qidirib topishga moʻljallangan maydonlarni joylashtirish boshlandi. Bu haqda E-auksion matbuot xizmati xabar berdi.

Sotuvga qoʻyilgan besh maydonning barchasi Navoiy viloyatining Nurota tumanida joylashgan. Yer maydonlari 3 dan 4,5 gektargacha, ularning narxlari 25mln dan 38,5 mln soʻmgacha.

Gap nima haqida ketyapti

2019-yildan boshlab Oʻzbekistonda qoʻlda qazib olish qonuniylashtirildi. Hatto yuridik shaxs maqomini roʻyxatdan oʻtkazishning hojati yoʻq, yakka tartibdagi tadbirkor maqomining oʻzi ham yetarli boʻladi.

Litsenziyalar onlayn savdolar natijalari boʻyicha uch yil muddatga beriladi. Auksionda ishtirok etish uchun E-ijro Auksion veb-saytiga ariza yuborish va yer uchastkasining baholangan qiymatidan 5% miqdorida garov toʻlash kerak.

Qazib olingan metallarni ixtisoslashtirilgan kassalar orqali, shuningdek zargarlik buyumlari bilan ishlash uchun litsenziyaga ega boʻlgan tadbirkorlarga sotish mumkin.

Buni qanday amalga oshirish haqida ushbu maqolada batafsil tanishishingiz mumkin — “Bu yerda oltin bor va men uni topaman”: qanday qilib Oʻzbekistonda qimmatbaho metallarni qazib olishadi.