Joriy yilning 3 avgust kuni Rossiya federatsiyasi Moliya vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi o’rtasida 2021−2023 yillarda hamkorlik to’g’risidagi bitim imzolandi.

Shartnoma 2017-yil 3-apreldagi “O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi o’rtasida hamkorlik masalalari bo’yicha o’zaro anglashuv to’g’risida"gi Memorandumda ko’rsatilgan vazifalarni bajarish doirasida imzolandi.

Bitim doirasida ikki tomonlama hamkorlikning yangi dasturi tasdiqlandi, uning doirasida Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot Moliya instituti (ITMI) 2024-yilning 15-martigacha bo’lgan muddatga davlat moliyasini boshqarish sohasida ilmiy-uslubiy va texnik yordam ko’rsatadi.

Dastur quyidagi yo’nalishlar bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borishni nazarda tutadi:

  • soliq solish tizimini va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish,
  • makroiqtisodiy prognozlar va fiskal qoidalar tizimlarini qo’llagan holda budjet siyosatini shakllantirish,
  • tashabbuskor budjetlashtirish amaliyotini joriy etish,
  • dasturiy budjetlashtirish tamoyillarini joriy etish,
  • davlat xarid qilish faoliyatining budjet mexanizmlarini takomillashtirish,
  • aholi turmush darajasi va turmush farovonligini oshirishga qaratilgan O’zbekiston Respublikasining ijtimoiy sohasini rivojlantirish bo’yicha takliflar ishlab chiqish (ijtimoiy himoya, ta’lim, sog’liqni saqlash) va boshqalar.

Eslatma: ushbu bitim 2018-yil sentyabr oyida imzolangan bitim muddati tugagandan so’ng imzolangan. 2018−2020 — yillarda Moliya vazirliklari o’rtasida ishlab chiqilgan tadbirlar rejasiga muvofiq ikki tomonlama hamkorlik dasturi amalga oshirildi. O’zbekistonning soliq islohoti, fiskal qoidalarni ishlab chiqish, O’zbekiston Respublikasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bilan bog’liq yo’nalishlar o’zaro hamkorlik sohalari orasida alohida o’rin egalladi.