Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga “Kentucky Fried Chicken Holdings LLC” (AQSh)ning vakili tomonidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda internet orqali Toshkentda KFC mahsulotlariga buyurtma berish va yetkazib berish uchun noqonuniy saytlar ishlayotgani aytilgan.

Maʼlum boʻlishicha, oʻrganishlar davomida Agentlik xodimlari nomaʼlum shaxslar aynan kompaniyaning rasmiy veb-saytiga oʻxshash tarzda yaratilgan, ammo unga hech qanday aloqasi boʻlmagan norasmiy veb-sayt yaratilganligini aniqlangan. Mazkur “sayt"lar xorijiy domenlarda roʻyxatdan oʻtgani va aloqa maʼlumotlari mavjud emasligi sababli afsuski, ularning egalarini aniqlashning imkoni boʻlmagan.

Qanday qilib buyurtmalar qabul qilingan

Buyurtma olish va uni yetkazib berish jarayonida isteʼmolchilardan buyurtmalar elektron shaklda qabul qilingan, shundan soʻng operator mijozga qayta qoʻngʻiroq qilib, yetkazib berish manzili va taom buyurtmasini aniqlab olgan.

Qiziqarli jihati shundaki, toʻlovlar faqat naqd pul shaklida qabul qilinadi va chek berilmaydi. Taqqoslab koʻrilganda, nomaʼlum saytlardagi buyurtma narxlaridagi farq bir necha ming soʻmga qimmatroq boʻladi. Shaxsi nomaʼlum kishilar oʻzlarini rasmiy vakil sifatida koʻrsatib, noqonuniy vositachilik xizmatlarini uyushtirgan.

Eng yomon tomoni shundaki, bunday xizmatlarda isteʼmolchilarga oziq-ovqat yetkazib berish yoki uni sifati bilan bogʻliq muammolar xavf tugʻdirganda bunday “xizmat koʻrsatuvchi"larning javobgarligi yoʻq boʻlgan.

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi oʻrganish natijalari boʻyicha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga xat yuborgan. Natijada noqonuniy faoliyat yuritayotgan “sayt"lar faoliyatiga chek qoʻyilgan.