Prezident Sh. Mirziyoyev “Qo‘shilgan qiymat solig‘i maʼmuriyatchiligini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi.

Qarorda joriy yil 20-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida bildirilgan takliflarni qonunchilikka kiritish, insofli soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishlari uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratish nazarda tutilgan.

Hujjatga muvofiq 2021-yil 1-oktabrdan:

  • eksport qilinadigan tovarlar uchun ishlatilgan, haqiqatda olingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan (to‘langan) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi soliq to‘lovchining O‘zbekistondagi bank hisobvarag‘iga chet el valyutasi tushumi kelib tushishidan qatʼi nazar, hisobga olinadi.

Ushbu tartib oxirgi bir yil davomida valyuta tushumlarini o‘z vaqtida taʼminlab kelayotgan va eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi bo‘lmagan — intizomli soliq to‘lovchilarga tatbiq etiladi.

Bunda tovarlar “eksport” bojxona rejimi ostida chiqarilgan kundan eʼtiboran 180 kalendar kuni ichida valyuta tushumi yoki uning bir qismi eksport qiluvchining O‘zbekiston tijorat banklaridagi hisobvarag‘iga kelib tushmagan taqdirda, QQSning hisobga olingan summasi yoki uning tegishli qismi belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.

2022-yil 1-yanvardan:

  • qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilinadi;
  • soliq to‘lovchiga tegishli soliq davri uchun soliq hisobotini topshirishda, soliq organlarini xabardor etgan holda QQS salbiy summasini qoplash (qaytarish) talabini bildirish huquqi beriladi.

Qarorda qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobot shakllariga QQS salbiy miqdorini qoplab berish (qaytarish) bo‘yicha soliq organlariga murojaat qilish aks ettiruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ham nazarda tutilgan.

2021-yil yakuniga qadar tegishli vazirlik va davlat organlari tomonidan tovarlarni import qilishda va mahsulot (xizmat)larni realizatsiya qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi ishlab chiqiladi.

Mazkur tartib 2022-yil 31-dekabrgacha tajriba tariqasida amaliyotga joriy etiladi.