“Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qotishlarini qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasida Elektron agrosanoat bozori portali tashkil etiladi.

Elektron portalda, jumladan:

  • ichki bozorni asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash darajasi doimiy baholanadi;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida onlayn rejimda kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilib, elektron savdolar tashkil etiladi.

Elektron portal 2021-yil 1-oktyabrdan 1-dekabrgacha “test rejimi"da ishlaydi va 2022-yil 1-yanvardan to‘liq ishga tushiriladi.

Qarorga ko‘ra, “E-AUKSION” elektron savdo platformasi orqali ajratilgan davlat mulki hisoblangan yer uchastkalari va bino-inshootlar qiymati tadbirkorlar tomonidan, istisno tariqasida, savdo o‘tkazilgan sanadan boshlab bir yil davomida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi joriy qilinadi.