Oʻzbekistondagi yirik eʼlonlar sayti hisoblangan Olxʼda qiziq eʼlon paydo boʻldi. Unda Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-171E rusumidagi ikkita transport vertolyoti sotuvga qoʻyilgan. Eʼlon muallifi havo kemalari “mutlaqo yangi” ekanini yozgan.

Vertolyotlarning narxi $14 mln ga baholangan.

Bu vaziyat yuzasidan “kun.uz” nashri Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi bilan bogʻlangan. Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston fuqarolari fuqaroviy havo transportlarini sotib olishlari mumkin. Agar ushbu transport bilan fuqarolarni tashish xizmatlarini koʻrsatmoqchi boʻlsa, aviakompaniya ochish kerak boʻladi.

Agar faqat sayohat qilish yoki shaxsiy maqsadlarda boshqa hududlarga borish maqsadida foydalanilsa, Fuqaro aviatsiyasi agentligiga tegishli hujjatlarni taqdim qilishi hamda uchish uchun bir nechta turdagi sertifikatlarni olishi kerak boʻladi.

Bundan tashqari, havo kemasiga maʼlum vaqt oraligʻida doimiy ravishda texnik xizmatlar koʻrsatib turiladi.