Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining xabar berishicha, Oʻzbekistonda profilaktika ishlari doirasida bir nechta telekanallar faoliyati vaqtincha toʻxtatiladi.

Radioaloqa, radioeshittirishlar va televideniye markazi (RRTM) texnik vositalarini yillik rejalarda belgilangan muddatlarda oʻchirib, profilaktika ishlari muntazam ravishda amalga oshiradi.

Navbatdagi rejali profilaktika ishlari 1−23-noyabr kunlari jadval asosida har bir hududda navbatma-navbat tungi soat 1:00 dan 06:00 gacha teleuzatgichlarda profilaktika ishlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu muddat oraligʻida har bir hududda (Toshkent shahridan tashqari) faqat bir kun tungi soat 01:00 dan 06:00 gacha davlat va nodavlat telekanallarni efirga uzatilishi vaqtincha toʻxtatilishi mumkin.

Taʼkidlanishicha, toʻxtalishlar kuzatilgan vaqtda abonent uskunasi (tyuner va televizor) sozlamalarini oʻzgartirish tavsiya etilmaydi.