SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask Twitter’da so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda u obunachilardan Tesla aksiyalarining 10 foizini sotish kerakmi, deb so‘radi.

Mask maosh yoki bonus olmasligini, shuning uchun aksiyalarni sotish soliq to’lashning yagona yo’li ekanligini aytdi.

“So‘nggi paytlarda amalga oshirilmagan foyda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash vositasi ekanligi haqida ko‘p gapirilmoqda, shuning uchun men Tesla aksiyalarimning 10 foizini sotishni taklif qilaman. Siz buni qo’llab-quvvatlaysizmi? “- deb yozgan Mask.

Ovoz berishda uch milliondan ortiq foydalanuvchi ishtirok etdi.Tadbirkor so‘rov natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, unga amal qilishini qo‘shimcha qildi.

So‘rov ishtirokchilarining 57%i Maskning Tesla aksiyalarining 10%ini sotishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, qolgan 43%i esa qarshi chiqdi.

Reuters ma’lumotlariga ko’ra, Mask iyun oyi oxirida 170,5 millionga yaqin Tesla aksiyasiga egalik qilgan. Uning 10% aksiyalarining umumiy qiymati $21 mlrd ga baholanmoqda.

Forbes va Bloomberg ma’lumotlariga ko’ra, Ilon Mask $300 mlrd dan ortiq boylikka ega dunyodagi birinchi odam bo’ldi. Tahlilchilarning fikricha, kompaniya aksiyalari sanoatning elektromobillarga o‘tish jarayoni tezlashayotganiga ishonch ortib borayotgan bir sharoitda qimmatlashgan.