Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2021-yil 10−17-noyabrgacha boʻlgan davrda Oʻzbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻzgarishi tahlili viloyatlar, tumanlar va shaharlar kesimida oʻtkazildi.

Tahlil natijalarida aytilishicha, oʻtgan hafta mobaynida suyakli mol goʻshti va guruch narxlarining pasayishi qayd etildi.

Goʻsht

Mol goʻshti narxining pasayishi Buxoro (-1,1%), Qashqadaryo (-0,7%), Jizzax (-0,4%), Samarqand (-0,1%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (-0,6%) kuzatildi.

Viloyatlar kesimida Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida suyakli mol goʻshti narxi oʻtgan haftaga nisbatan oʻzgarmadi.

Tumanlar kesimida bir kilogramm suyakli mol goʻsht narxining yuqoriligi boʻyicha Ohangaron (72 500 soʻm/kg), Yangiyoʻl (72 000 soʻm/kg), Quyichirchiq (71 129 soʻm/kg), Xiva (71 000 soʻm) va Urganch (70 500 soʻm/kg) tumanlari top 5 talikdan oʻrin oldi.

Guruch

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, respublikada guruchning oʻrtacha narxi tahlil etilayotgan davrda 0,2%ga pasayib, 17-noyabr holatida bir kilogramm guruch 9 912 soʻmni tashkil qildi. Oʻrtacha narxlar darajasi Qoraqalpogʻiston Respublikasida 6 520 soʻmdan Toshkent shahrida 11 604 soʻmgacha boʻlgan diapazonda boʻlgan.

Guruch narxining pasayishi (kilogramm uchun) deyarli barcha hududlarda kuzatildi. Narxlarning pasayishi Surxondaryoda (1,1%), Xorazm (0,8%ga), Sirdaryo (0,5%ga), Samarqand (0,4%ga), Jizzax (0,1%ga), Buxoro (0,1%ga) viloyatlarida va shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (0,8%ga) kuzatildi.

Tumanlar boʻyicha bir kilogramm guruch narxining yuqoriligi boʻyicha Toshloq (12 727 soʻm/kg), Yozyovon (12 700 soʻm/kg), Yangiyoʻl (12 667 soʻm/kg), Yuqorichirchiq (12 500 soʻm/kg) Uchtepa (12 463 soʻm/kg) tumanlari top 5 talikdan oʻrin oldi.

Quyida tahlil qilinayotgan davrda tuxum (oʻn donasi), sut, kartoshka, kungaboqar yogʻi, bugʻdoy uni, shakar narxlarining oʻzgarishi keltirilgan.

Hududlar kesimida narxlarning eng yuqori oʻsishi quyidagi mahsulotlar uchun qayd etildi:

  • tuxum oʻn donasi Buxoro (3,2%), Andijon (1,8%), Toshkent (1,3%), Qashqadaryo (1,3%) viloyatlarida.
  • sut Buxoro (2,2%ga), Jizzax (1,4%), Toshkent (28,3%), Namangan (0,7%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (1,0%ga);
  • shakar Andijon (2,5%ga), Buxoro (2,0%ga), Toshkent (1,5%ga), Jizzax (0,9%), Namangan (0,8%ga) viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida (1,2%ga);
  • kungaboqar yogʻi Jizzax viloyatida (0,1%ga) va Toshkent shahrida (0,9%ga);
  • un Buxoro (1,3%ga), Xorazm (0,9%ga), Sirdaryo (0,7%ga), Qashqadaryo (0,6%ga) va Fargʻona (0,6%ga) viloyatlarida;
  • kartoshka Samarqand (4,2%ga), Sirdaryo (4,5%ga) Andijon (3,3%ga), Buxoro (2,7%ga), Toshkent (2,2%ga) viloyatlarida.

Oʻzbekistonda koʻrib chiqilayotgan davrda asosiy isteʼmol tovarlari narxlari muhiti kartoshka narxidan tashqari nisbatan past oʻzgaruvchanlik bilan tavsiflanadi. Oʻtgan haftaga nisbatan mol goʻshti (suyakli) va guruch narxi biroz pasaydi, kungaboqar yogʻi, sut, bugʻdoy uni, shakar va tuxum narxlarining oʻsish dinamikasi sezilarli darajada sekinlashdi.