Sogʻliqni saqlash vazirligi epidemiologik vaziyat murakkab boʻlgan bir qator davlatlar bilan xalqaro aviaqatnovlar toʻxtatilishi haqida maʼlum qildi.

“Oʻzbekiston Respublikasida ham koronavirus infeksiyasi, shu jumladan, uning yangi „omikron“ shtammi tarqalishining oldini olish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni oshirish maqsadida joriy yil 17-noyabrdan boshlab toʻliq emlangan fuqarolarni buster doza bilan ixtiyoriy emlash tartibi joriy etildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shundan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasining yigʻilishida yangi yil arafasida mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bir qator masalalar koʻrib chiqildi.

2021 yil 3 dekabrdan 2022 yil 10 yanvarga qadar:

  • Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Lesoto, Esvatini, Tanzaniya va Hongkong bilan xalqaro aviaqatnovlar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublika hududiga kirish) toʻxtatildi.
  • Mazkur davlatlarning fuqarolari va ushbu davlatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, soʻnggi 14 kun davomida yuqoridagi davlatlarda boʻlgan uchinchi davlat fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kiritilmaydi.

Shuningdek, masʼul vazirlik va idoralar ushbu davlatlardagi mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda ular bilan xalqaro aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash yuzasidan taklif kiritib borishi belgilandi.

Avvalroq Qozogʻiston ham yangi shtamm sabab bir qancha mamlakatlar bilan aviaparvozlarni bekor qilgan edi.