“Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ va RJD Biznes Aktiv hamkorligidagi birinchi konteyner poyezdi yoʻlga chiqdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Dunyo boʻyicha COVID-19 sababli yuzaga kelgan logistika muammolari oʻz navbatida yuk tashishning yangi yoʻnalishlarini tashkil etishni taqozo etdi. Bu borada “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ va RJD Biznes Aktiv hamkorligida Xitoy davlatidan yuklarni konteynerlarda tashishning yangi yoʻnalishlari boʻyicha amaliy ishlar olib borilgan.

Xabarga koʻra, Xitoyning Sindao portidan chiqqan RJD Biznes Aktiv va “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ xamkorligidagi birinchi konteyner blok poyezdi joriy yilning 30-yanvar kuni Rossiyaning Mis-Churkin stansiyasidan Chuqursoy stansiyasiga oʻz harakatini boshladi.

Blok poyezdi oʻz tarkibiga xalq xoʻjaligi mollari ortilgan 70 ta 40 futlik konteynerlarni olgan boʻlib, Mis-Churkin stansiyasidan Chuqursoy stansiyasiga yetib kelish vaqti 11−12 kunni tashkil etadi.

Maʼlumot uchun, “РЖД Бизнес Актив” multimodal konteyner operatori boʻlib, Rossiya hududida konteyner tashishni tashkil etish hamda Osiyo va Yevropaga eksport-import yetkazib berish boʻyicha ixtisoslashgan.