Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyatidagi dam olish maskanini auksion savdosiga qoʻydi. Bu E-aksion ma’lumotlaridan kelib chiqmoqda.


Suratga koʻra, gap 2020-yil dekabr oyida ochilgan “Seven Tree” dam olish maskani haqida ketyapti. Boʻstonliq tumani, Chimyon mahallasidagi mazkur obyekt 8,73 gektar maydonda joylashgan.


Bino 5914 kv.metr, umumiy foydalanishga yaroqli maydoni esa 6198 kv.metrni tashkil etadi. Hududda 10 ta oʻtov, 14 ta mehmonxona, basseyn, turk saunasi, bilyard va tennis zallari, shuningdek, 100 oʻrinli kafe mavjud. Gaz, elektr, suv bor, lekin kanalizatsiya yoʻq.


Investor 2021-yil oxirida butun yil davomida ishlay oladigan kompleks qurilishini yakunlashi kutilgan edi. Lekin uchastka tavsifida alohida binolarda qurilish ishlari tugallanmagani aytiladi.

Lot xoʻjalik sudining 2021-yil avgustdagi hal qiluv qarori bilan sotuvga qoʻyilgan (4−1001−2122/21001−02-sonli ijro hujjati).


Lotning boshlangʻich bahosi — 12,5 mlrd soʻm. Savdolar 24-mart kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu kuni soat 9:00 gacha qabul qilinadi.

Avvalroq Spot nashri ayni paytda Chorvoqda xususiylashtirilishi mumkin boʻlgan obyektlar roʻyxatini eʼlon qilgan edi.