Oʻzbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga aʼzo boʻlishga tayyorlanmoqda, deb yozadi “TASS”.

Bu haqda 25-fevral, juma kuni Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yigʻilishida bosh vazir Abdulla Aripov maʼlum qildi.

“Hozirda Oʻzbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qoʻshilish shartlari va tartiblarini kelishish jarayoni faol davom etmoqda”, — dedi u.

Vazirlar Mahkamasi rahbarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning tegishli idoralari va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi departamentlari oʻrtasida yaqin hamkorlik boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi"ni muvofiqlashtirish ishlari yakunlanmoqda. Bosh vazir YeOIIga aʼzo davlatlar ushbu hujjatni maʼqullashi va qabul qilishiga umid bildirdi.

Abdulla Aripov, shuningdek, hamkasblaridan Oʻzbekistonning YeOII doirasida elektron tijoratni rivojlantirish, temir yoʻl transportini raqamlashtirish, Agroekspress loyihasi va boshqa tashabbuslarda ishtirok etishini maʼqullashni soʻradi.

Bank haqida

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeTB) xalqaro moliya tashkiloti boʻlib, unga aʼzo davlatlarning iqtisodiy oʻsishiga koʻmaklashish, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo makonida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

YeTB 2006-yilda Rossiya va Qozogʻiston tomonidan tashkil etilgan boʻlsa, 2009-yilda Armaniston va Tojikiston, 2010-yilda Belarus, 2011-yilda Qirgʻiziston aʼzo boʻlgan. Bosh ofisi Olmaota shahrida joylashgan, Sankt-Peterburgda filiali, Nur-Sulton, Bishkek, Dushanbe, Yerevan, Minsk va Moskvada vakolatxonalari mavjud. Bankning ustav kapitali $7 mlrd ni tashkil etadi.

YeTBning asosiy strategik maqsadlari:

  • kuchli integratsiya effektiga ega loyihalarni va milliy rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish;
  • yangi moliyaviy mahsulotlar va vositalarni joriy etish;
  • sanoat ishlab chiqarishi sohasidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
  • bankka aʼzo mamlakatlarda davlat-xususiy sheriklik tashabbuslarini ilgari surish;
  • ishtirokchi mamlakatlarga qoʻshimcha sarmoyalarni jalb qilish uchun sheriklik va ittifoqlarni rivojlantirish.