Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonunni imzoladi.

Unga koʻra, ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxsga, shuningdek unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti oʻtkazilganda xorijga chiqish uchun biometrik pasportini berganlik uchun davlat boji undirilmaydi.

ID-karta berganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 89%i miqdorida boj undiriladi, xorijga chiqish uchun biometrik pasportni berganlik uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida undiriladi (ilgari bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravari edi).

Bundan oldin prezidentning “Oʻzbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini berishga doir davlat xizmati koʻrsatish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilingandi.

Loyiha xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish xizmatini Davlat xizmatlari markazlari hamda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatish tartibini belgilaydi.

Oʻzbekiston fuqarolarining xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tegishli qismlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi bob bilan toʻldirilmoqda.