Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

“Koronavirus pandemiyasi paytida hamma sohalarni ogʻir sharoitdan olib chiqish boʻyicha qarorlar qabul qilganimiz oʻz natijasini berdi. Hozirgi vaziyatda ham xavf-xatarlarni oldindan koʻra bilishimiz kerak. Dunyoda boʻlayotgan voqealar natijalarga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi uchun aniq chora-tadbirlarni belgilab olishimiz zarur. Ayniqsa, tadbirkorlarga yengillik yaratib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz kerak”, degan davlat rahbari.

Shundan kelib chiqib, yigʻilishda iqtisodiyot rivojining bugungi holati tahlil qilindi va qoʻshimcha choralar belgilandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tadbirkorlar bilan kunlik muloqot oʻrnatib, ularning loyihalari, ishlab chiqarish faoliyati, eksport-import amaliyotlariga koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Tarmoq va hududlarda kunlik monitoring oʻrnatib, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarning oldini olish boʻyicha tezkor choralar koʻrish vazifasi qoʻyildi. Tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirishi uchun revolver kredit berish tizimini yanada soddalashtirish zarurligi aytildi.

Prezident eksport masalasiga ham toʻxtalib, eksportchi korxonalarning transport-logistika masalalarini hal qilib borish, ularning transport xarajatlarini qisman qoplash amaliyotini kengaytirish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Maʼlumki, bugungi kunda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda muammolar kuzatilmoqda hamda ularning narxi sezilarli oshmoqda. Shu bois, Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash, bugʻdoy, oʻsimlik yogʻi, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga koʻmaklashish orqali aholi talabini qondirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi. Shuningdek, inflyatsiya darajasini kamaytirish va uning maqsadli koʻrsatkichlarga tezroq qaytishini taʼminlash Hukumatning asosiy vazifasi ekani yana bir bor qayd etildi.

Markaziy bankka tashqi valyuta bozoridagi noaniq vaziyatni inobatga olgan holda, ichki valyuta bozori barqarorligi va almashuv kursi moslashuvchanligini taʼminlashda ehtiyotkorona yondashuvni qoʻllab borish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Bunda ichki valyuta bozoridagi holatni kunlik kuzatib, tadbirkorlarni, umuman, xalqimizni joriy vaziyat, kutilayotgan oʻzgarishlar va koʻrilayotgan choralar haqida xabardor qilish kerakligi taʼkidlandi.

Avvalroq Spot davlat korxonalarini investorlarga sotish soddalashtirilishi haqida yozgan edi.