Prezidentning “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga koʻra:

Yoʻl harakati qoidalariga soʻzsiz rioya qilinishini ta’minlash hamda ularni takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida 2022-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagi tartibni nazarda tutuvchi haydovchilarga yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etilmoqda:

  • har bir yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi;
  • hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan oʻrnatilgan tartibda mahrum qilinadi;
  • muayyan davr mobaynida qoidabuzarlik sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi.

Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyatini amalga oshiruvchi barcha ta’lim muassasalari va imtihon markazlariga faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya IIV tomonidan beriladi.

Avtomaktablarning innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, ularning oʻqituvchi, haydovchi-yoʻriqchi va murabbiylarini shartnoma asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari IIV Akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

2023-yil yakuniga qadar poytaxtning barcha chorrahalarida, shuningdek, Nukus shahri va viloyatlar markazlarining yirik asosiy serqatnov chorrahalarida, 2024-yil yakuniga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarining barcha chorrahalarida raqamli boshqaruv tizimi joriy qilinadi.

2022-yil 1-iyuldan boshlab, respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida “Xavfsiz yoʻl” indeksini yuritish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bunda tuman (shahar)lar indeks koʻrsatkichlari asosida yoʻllarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati boʻyicha “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.