Prezidentning “Tadbirkorlik subyektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni loyihasi eʼlon qilindi.

Adliya vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar umumiy ovqatlanish va chakana savdo sohalaridagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

  • umumiy ovqatlanish va chakana savdo korxonalari uchun belgilangan va zamon talablariga mos kelmaydigan xizmat koʻrsatish qoidalarini, shuningdek, sanitariya norma va qoidalarini soddalashtirish;
  • umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi va chakana savdo bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga davlat organlari aralashuvini qisqartirish, yashirin iqtisodiyot va norasmiy bandlikni qisqartirishni ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish.

2022-yil 1-iyuldan boshlab sugʻurta tashkilotlari tomonidan byudjet tizimi byudjetlari mablagʻlaridan shakllantirilgan resurslar hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kredit boʻyicha sugʻurta shartnomalar boʻyicha vositachilikni taqdirlash toʻlovlarini toʻlash taqiqlanadi.

Markaziy bank Moliya vazirligi bilan birgalikda kredit va sugʻurta tashkilotlari oʻrtasida kelishuv tuzish, shartlarini, shu jumladan kredit tashkilotlari tomonidan tan olinadigan sugʻurta tashkilotlarini tanlab olish tartibini tasdiqlaydi.

Avvalroq Spot aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun bir qancha yoʻnalishlarga subsidiyalar ajratilishi haqida yozgan edi.