“Huquqiy axborot” kanali xabariga koʻra, xizmatni koʻrsatish tartibi quyidagicha:

  1. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda roʻyxatdan oʻtadi hamda soʻrovnoma toʻldiradi.
  2. Vakolatli organ (Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi) joylardagi oʻlchovlarni amalga oshiradi.
  3. Ariza beruvchi tomonidan hisob-fakturada koʻrsatilgan toʻlov amalga oshirilgach, kadastr pasporti shakllantiriladi.

Kadastr pasportini tayyorlash obyektning murakkabligiga qarab quyidagi muddatlarda amalga oshiriladi:

koʻchmas mulk obyektlarining turar joyga oid qismi boʻyicha: koʻp kvartirali uydagi kvartira — 3 ish kunigacha; yakka tartibdagi turar joy — 5 ish kunigacha;

koʻchmas mulk obyektlarining noturar joyga oid qismi boʻyicha: umumiy maydoni 100 kv.m. gacha — 5 ish kunigacha; umumiy maydoni 100 kv.m. dan 1 000 kv.m. gacha — 7 ish kunigacha; umumiy maydoni 1 000 kv.m. dan 5 000 kv.m. gacha — 10 ish kunigacha; umumiy maydoni 5 000 kv.m. dan 15 000 kv.m. gacha — 15 ish kunigacha; umumiy maydoni 15 000 kv.m. dan 50 000 kv.m. gacha — 20 ish kunigacha; umumiy maydoni 50 000 kv.m. dan ortiq — 25 ish kunigacha; ajratilgan yer uchastkalari boʻyicha — 3 ish kunigacha.

YaIDXP orqali murojaat etilganda, toʻlov qiymati summasining 90 foizi undiriladi.

Quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:

  • koʻchmas mulk obyekti boʻyicha birlamchi kadastr yigʻmajildi (pasporti) mavjud boʻlib, begonalashtirilganda yoki obyektda oʻzgarishlar (rekonstruksiya, qoʻshimcha va alohida qurilish) mavjud boʻlmaganda;
  • koʻchmas mulk obyektining bir qismi begonalashtirilganda obyektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi oʻzgarganda;
  • kadastr yigʻmajildi (pasporti) yoʻqolganda (yaroqsiz holga kelganda).
  • Ushbu holatlarda kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.

Qogʻoz shaklidagi kadastr pasporti Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali, plastik shakldagi kadastr pasporti faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.