“Oʻzbekneftgaz” AJ 1-iyundan neft mahsulotlariga aksiz soligʻi stavkalarining oshishi ortidan benzin narxi oshishiga doir xabarlarga munosabat bildirdi.

Taʼkidlanishicha, Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga oid 2021-yil 29-dekabrdagi qonunga muvofiq, quyidagi neft mahsulotlari va yakuniy isteʼmolchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalariga joriy yil 1-iyundan oʻzgartirishlar kiritilmoqda:

1) neft mahsulotlariga solinadigan aksiz soliq stavkalari:

  • 1 tonna Ai-80 markali avtobenzin: amalda — 240 000 soʻm, 1-iyundan — 275 000 soʻm (oʻzgarish 35 000 soʻm yoki 15 foiz);
  • 1 tonna Ai-90 va undan yuqori markali avtobenzin: amalda — 275 000 soʻm, 1-iyundan — 275 000 soʻm (oʻzgarishsiz);
  • 1 tonna dizel yoqilgʻisi: amalda — 240 000 soʻm, 1-iyundan — 264 000 soʻm (oʻzgarish 24 000 soʻm yoki 10 foiz);
  • 1 tonna EKO dizel yoqilgʻisi: amalda — 216 000 soʻm, 1-iyundan — 237 600 soʻm (oʻzgarish 21 600 soʻm yoki 10 foiz).

2) yakuniy isteʼmolchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalari:

  • benzin: amalda — 465 530 soʻm / tonna yoki 350 soʻm / litr, 1-iyundan — 512 000 soʻm yoki 385 soʻm / litr (oʻzgarish 46 470 soʻm yoki 35 soʻm / litr yoki 10 foiz);
  • dizel yoqilgʻisi: amalda — 425 918 soʻm / tonna yoki 350 soʻm / litr, 1-iyundan — 468 000 soʻm / tonna yoki 385 soʻm / litr (oʻzgarish 42 082 soʻm yoki 35 soʻm / litr yoki 10 foiz).

“Yuqoridagi oʻzgarishlar AI-80 benzini misolida koʻrilganida, AYoQShlarda oʻrtacha narx tarkibidagi mavjud soliq va boshqa majburiy toʻlovlar oʻrtacha 71 soʻmgacha (QQS bilan) boʻlgan miqdorda chakana narxiga taʼsir qilishi mumkin. Shu bilan birga, „Oʻzbekneftgaz“ AJ tasarrufidagi UNG Petro AYoQShlarida 1-iyundan aksiz soliqlari boʻyicha kiritilayotgan oʻzgarishlar hisobiga bugungi kunda 1 litri 6 800 soʻmni tashkil qilayotgan Ai-80 markali avtobenzinning chakana narxi oshmaydi”, deyiladi kompaniya bayonotida.

Avvalroq Spot Oʻzbekistonda benzin ishlab chiqarish hajmi oshganligi, xususan, 2022-yilning yanvar-fevral oylarida 382,3 ming ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgani haqida yozgan edi.