Azam Qahramoniy — ingliz tili bo‘yicha Englify School onlayn maktabining asoschisi va direktori, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi Teacher Azam loyihasi asoschisi.
U faoliyatini ingliz tili o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik abituriyentlar, talabalar va ingliz tilini o‘rganishni istaganlar uchun Englify School’ga asos solgan. Englify MCHJ 2022-yil 15-avgustda ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniya 2024-yil noyabridan IT Park rezidenti hisoblanadi.
Englify ingliz tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan onlayn maktab va mobil ilovani rivojlantiradi. Platformada videodarslar, jonli mashg‘ulotlar, mini-o‘yinlar, interaktiv topshiriqlar va sun’iy intellekt yordamchisi mavjud. 2026-yil 22-avgustda Azam Shuhrat medali bilan taqdirlangan.
Englify School asoschisi.
Mening kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishim aynan Jyul Vernning “Kapitan Grantning bolalari” asaridan boshlangan. O‘shanda 12−13 yoshda edim.
Uyimizda dunyo xaritasi osig‘liq turardi. Asar syujeti esa shunday: akula oshqozonidan kema halokati haqidagi xat solingan shisha topiladi. Biroq xatdagi yozuvlar xiralashgan bo‘lib, undan faqat geografik kenglik — 37-parallel saqlanib qolgan. Kapitan Grantni topish uchun ekspeditsiya aynan shu chiziq bo‘ylab butun Yer sharini aylanib chiqishga majbur bo‘ladi: Janubiy Amerika, Avstraliya va Yangi Zelandiya.
Men o‘qib, har bir yangi manzilni intiqlik bilan kutardim. Matnda qaysidir joy nomi paydo bo‘lishi bilan xaritaga yaqinlashib, uni topardim. 37-parallel esa menga alohida qiziq tuyulardi: u xaritada g‘arbdan sharqqa cho‘zilgan chiziq edi. Barmog‘imni shu chiziq bo‘ylab yurgizib, qahramonlar bilan birga butun dunyoni kezib chiqardim.
Aynan o‘shanda men ilk bor kitob odamni xonadan chiqmagan holda butun dunyo bo‘ylab sayohat qildira olishini his qilganman. Kitobning aslida qanday sehrli kuchga ega ekanini ham o‘shanda tushunib yetganman.
Kitob o‘qish mening faoliyatimda muhim deb hisoblayman, lekin bu savolga odatda javob berishganidek emas, chamamda.
Men o‘n yildan ortiq vaqtdan beri ingliz tilidan dars beraman va bu ishda eng muhimi grammatika emas, balki insonning o‘zi. Nima uchun bir o‘quvchi bir haftadan keyin o‘qishni tashlab ketadi, boshqasi esa oxirigacha davom etadi? Nima uchun odamlar xato qilishdan qo‘rqadi? Nima uchun odat hali shakllanib ulgurmasidan motivatsiya tugab qoladi?
Menga chinakamiga ta’sir qilgan kitoblar — bu o‘qitish metodikasi haqidagi emas, balki dunyo qanday tuzilgani va inson qanday yaratilgani haqidagi kitoblardir. Menimcha, insonni tushunish mening ishimga har qanday metodikadan ko‘ra ko‘proq foyda berdi.
O‘zimni ashaddiy kitobxon deb hisoblamayman. Butun umrim davomida, chamasi, 60−70 tadan ortiq kitob o‘qimaganman. Bu ko‘p emas, buni tan olaman. Lekin menda boshqa bir odat bor: o‘zimga yoqqan kitoblarni ikki-uch marta qayta o‘qiyman.
Vaqt o‘tishi bilan bu usul men uchun yaxshiroq ishlashini tushundim. Bir yilda 50 ta kitob o‘qib, ulardan deyarli hech narsani eslab qolmaslik mumkin. Yoki bitta kitobga uchinchi marta qaytib, avval payqamagan jihatlaringni kashf etish mumkin.
Ustiga-ustak, o‘quvchilarimga butun umrim davomida bir narsani takrorlayman: natijani iqtidor emas, takrorlash belgilaydi. Demak, o‘zim ham kitob o‘qishda xuddi shu prinsipga amal qilarkanman.
Hozir menda yuzga yaqin kitob bor va tan olaman, ularning hammasini ham o‘qib chiqqan emasman. O‘ylaymanki, bu ko‘pchilikka tanish holat: kitoblar o‘qib tugatilishidan ko‘ra tezroq sotib olinadi.
Agar javondagi kitoblarning barchasini emas, balki men haqiqatan ham qayta-qayta murojaat qiladigan asarlarni nazarda tutsak, ular asosan dunyo va jamiyat qanday tuzilgani haqidagi non-fikshn adabiyotlardan iborat: tarix, iqtisodiyot, sivilizatsiyalar taraqqiyoti va tuzilishi haqidagi kitoblar, shuningdek, klassik badiiy asarlar.
Aksariyat hollarda audiokitob tinglayman. Menda ertalabki ritual bor va kitob tinglash unga juda mos tushadi. Ba’zan uxlashdan oldin ham audiokitob tinglayman.
Qachonki o‘qisam, faqat qog‘oz kitob o‘qiyman. Elektron kitoblarni umuman o‘qimayman. Masalan, “Jinoyat va jazo"ni aynan qog‘oz shaklida o‘qiganman va bu kitobni boshqa formatda tasavvur qila olmayman.
Tavsiya qilmoqchi bo‘lgan beshta kitobim bor. Ro‘yxatni tuzar ekanman, uning ikki qismga bo‘linishini payqadim. Dastlabki kitoblar menga dunyo qanday tuzilganini tushuntirdi. Oxirgi kitoblar esa insonning ichki dunyosi, inson tabiati qanday ekanini anglashga yordam berdi. Vaqt o‘tishi bilan ikkinchi qism men uchun birinchisidan ham muhimroq ekanini tushundim.
“Kapitan Grant bolalari” (1867−1868), Jyul Vern
Mening kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishim aynan shu kitobdan boshlangan. Uni 12−13 yoshlarimda devordagi dunyo xaritasi bilan birga o‘qiganman: ekspeditsiya borgan har bir yangi joyni xaritadan topib, kitobdagi voqealarni xayolan o‘sha manzillar bilan bog‘lab borardim.
Bu menga uyda o‘tirgan holda Patagoniyada, Avstraliyada, Yangi Zelandiyada — dunyoning eng uzoq burchaklarida bo‘lib qolish imkoniyatini ko‘rsatgan kitobdir. Keyinchalik o‘qigan barcha kitoblarim ham, aslida, ana shu tuyg‘udan — dunyoni kitoblar orqali kashf etish istagidan paydo bo‘lgan.
Uni bolalikda hech bo‘lmaganda bir marta, undan ham yaxshisi — bola va devordagi dunyo xaritasi bilan birga o‘qib chiqish kerak. Yuqorida bu kitob haqida qisman aytib berdim — devordagi dunyo xaritasi va 37-parallel haqida. Endi esa o‘shanda aytmay qolgan narsalarimni qo‘shib qo‘yaman.
Bu mening hayotimdagi ilk jiddiy, katta kitob edi. Ungacha asosan kichikroq kitoblarni, ko‘proq majburiyat yuzasidan o‘qiganman.
Bu kitobga esa butunlay sho‘ng‘ib ketganman. Va o‘zim uchun hozir oddiy tuyuladigan, o‘shanda esa meni chinakamiga hayratga solgan bir narsani anglaganman: kitoblar — zerikarli emas ekan. Ma’lum bo‘lishicha, kitob — majburiyat emas, balki imkoniyat ekan. Aynan o‘shanda kitobning mo‘jizasi nimada, uning kuchi nimada ekanini tushunib yetganman. Lekin asosiysi hatto bunda ham emas.
Asosiysi — men hayotimda ilk bor dunyoning qanchalik katta ekanini his qildim. Odamlar juda ko‘p va ular bir-biridan naqadar farq qilishini angladim. Madaniyatlar ham turlicha. Xonam devorlari ortida esa men deyarli hech narsa bilmaydigan ulkan bir olam borligini his qildim.
Bu burilish nuqtasi edi. Orqaga qarab, o‘sha lahza keyinchalik shug‘ullangan barcha ishlarimga ta’sir qilganini ko‘raman.

“Guns, Germs, and Steel: The Fates of Human Societies” (1997), Jared Daymond
Uni 23−24 yoshlarimda o‘qiganman. Bu kitob dunyoning qanday tuzilgani haqidagi tasavvurimni nihoyatda kengaytirgan.
U oddiy bo‘lib tuyuladigan bir savolga javob beradi: nega Yevropa badavlat, Afrika esa qashshoq? Nega sayyoraning ayrim hududlarida sivilizatsiyalar paydo bo‘lib, rivojlandi-yu, boshqalarida bunday bo‘lmadi? Daymondning javobi ayrim xalqlar boshqalarga qaraganda qobiliyatliroq ekanida emas. Buning sababini u geografiya, iqlim, shuningdek, muayyan hududlarda odamlar uchun mavjud bo‘lgan o‘simliklar va hayvonlar bilan izohlaydi.
Kitob 1998-yilda Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uni hamma narsani insonlarning fe’l-atvori bilan izohlashga moyil bo‘lgan har bir kishiga tavsiya qilaman. Bu kitobdan keyin bunday deb o‘ylash qiyin.
Kitobning o‘zi va uning asosiy savoli haqida allaqachon aytib o‘tdim. Endi esa undan aynan nimalarni olganim haqida aniqroq gapiraman. U meni odatda umuman o‘ylab ko‘rmaydigan omillarga e’tibor berishga o‘rgatdi:
- bu yerda qanday o‘simliklar o‘sgan va ularni yetishtirish mumkin bo‘lganmi;
- u yerda qanday hayvonlar yashagan va ular xo‘jalik uchun yaroqlimi;
- iqlim qanday bo‘lgan;
- bu hudud geografik jihatdan aynan qayerda joylashgan;
- suv qanchalik yaqin bo‘lgan — undan ham muhimi, ichimlik suviga ega bo‘lish imkoniyati bormidi;
- tog‘ yonbag‘rimi yoki tekislikmi.
Va bularning barchasidan o‘sha paytda meni juda o‘ziga rom etgan ikkita savolga javob kelib chiqadi: shaharlar qayerda va nima uchun paydo bo‘ladi? Jamiyat qachon taraqqiyot tomon harakatlana boshlaydi-yu, qachon bir joyda qolib ketadi?
Bu mening dunyoqarashimdagi eng kuchli o‘zgarishlardan biri bo‘lgan.

“Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” (2012), Daron Ajemoglu va Jeyms Robinson
Oldingi kitobning mantiqiy davomi. Agar Daymond sivilizatsiyalar nima sababdan ma’lum hududlarda paydo bo‘lganini tushuntirsa, bu kitob keyin nima bo‘lishini izohlaydi: nima uchun ayrim mamlakatlar farovonlikka erishadi, boshqalari esa yo‘q. Mualliflarning javobi — institutlarda.
Ko‘pchilik bu kitob Daymond bilan bahslashadi, deb hisoblaydi, chunki mualliflar ochiq-oydin aytadilar: gap geografiyada ham, iqlimda ham emas. Lekin men boshqacha fikrdaman. Menga bu ikki kitob bir-biriga zid emas, aksincha, bir-birini to‘ldiradi: biri “hammasi nimadan boshlangan?” degan savolga javob bersa, ikkinchisi — “inson o‘ziga nasib etgan narsa bilan keyin nima qildi?”, degan savolga javob beradi.
Shuni ham qo‘shimcha qilamanki, 2024-yilda Daron Ajemoglu va Jeyms Robinson Saymon Jonson bilan birgalikda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishdi — aynan institutlarning mamlakatlar farovonligiga qanday ta’sir qilishini tadqiq qilganliklari uchun.

“G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” (1929), Erix Mariya Remark
Bu kitob menga urushning bema’niligini ko‘rsatdi. Undagi eng qo‘rqinchlisi esa hatto janglarning o‘zi ham emas.
Urushni ayrim odamlar boshlaydi, uning badalini esa mutlaqo boshqa odamlar — oddiy insonlar to‘laydi. Aksariyat hollarda esa bular hali hayotda hech narsani ko‘rib ulgurmagan 17−18 yoshli bolalardir.
Remark nima yozayotganini o‘zi bilardi. Uni 1916-yilda, 18 yoshida armiyaga chaqirishgan — o‘shanda u o‘qituvchilar seminariyasi talabasi, ya’ni o‘qituvchi bo‘lishga tayyorlanayotgandi. Frontda u og‘ir yaralangan. U urush snaryadlaridan omon qolgan bo‘lsa ham, urush barbod qilgan avlod haqida hikoya qilishni xohlaganini aytgan.
Va nomining o‘ziyoq matnning o‘zidan kam bo‘lmagan ma’noni anglatadi. “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” — quruq harbiy hisobot tili. Ya’ni kimningdir o‘limi rasmiy hisobotda shunchaki “o‘zgarish yo‘q” degan jumla bilan ifodalanadi. Aslida, butun kitob ana shu qarama-qarshilik haqida.

“Jinoyat va jazo” (1866), Fyodor Dostoyevskiy
Agar oldingi kitoblar dunyo qanday ishlashini tushuntirgan bo‘lsa, Dostoyevskiy insonning ichki dunyosi qanday ishlashini tushuntirib berdi.
Kitob menga har bir insonning ichida bir maxluq yashashi mumkinligini ko‘rsatdi. Inson bir vaqtning o‘zida ham shafqatsiz, ham olijanob bo‘la olishini — navbatma-navbat emas, aynan bir paytning o‘zida shunday bo‘lishi mumkinligini anglatdi. Va muayyan sharoitlarda deyarli har qanday inson qotillikka qodir ekanini ko‘rsatdi. Bu “og‘ir” bilim, lekin u juda ko‘p narsani tushuntiradi — boshqalardagi narsalarni ham, o‘zingdagi narsalarni ham. Aynan shu kitobni qog‘oz shaklida o‘qiganman va keyin yana qayta o‘qib chiqqanman.
Endi yana uchta jihatni qo‘shimcha qilmoqchiman. Birinchidan, bu kitob menga o‘z-o‘zini tahlil qilish qanday ishlashini ko‘rsatdi. Inson o‘z ongining tubiga qanday sayohat qilishi, o‘z qilmishlariga chetdan nazar tashlashi va ularga halol baho berishi mumkinligini angladim. Bu alohida bir ko‘nikma ekanini va uning qanday ishlashini ilk bor aynan shu kitob orqali ko‘rdim.
Ikkinchidan, aynan bitta insonning ichida ham olijanoblik, ham tubanlik boshlanmasi yashashi mumkin. Navbatma-navbat emas, balki bir vaqtning o‘zida, ayni bir paytda.
Uchinchidan, shu kungacha o‘zim bilan olib kelayotgan bir tushuncha: dunyo hech qachon qora va oq ranglarga bo‘linmaydi. U ancha murakkab. Hayot ham murakkab. Bu kitobdan keyin men odamlarni ham, voqealarni ham oddiy tushuntirishlar bilan izohlashga bo‘lgan ehtiyojni yo‘qotdim.

