Asakabank xususiylashtirish doirasida sotiladigan birinchi davlat banklaridan biri bo‘lishi mumkin. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori” VIII xalqaro Cbonds konferensiyasida Spot‘ga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Shu bilan birga, Miraliyev davlat banklarini xususiylashtirish vakolati Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatilganini alohida ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, banklarni sotishga tayyorlashda sotuvdan oldingi tayyorgarlik va maslahatchilarning xulosalari muhim, chunki banklar ko‘plab omillar, jumladan, geosiyosiy omillar ta‘siri tufayli nozik aktivlar hisoblanadi.

“Maslahatchilar ishlamoqda. O‘ylaymanki, tayyor bo‘lishiga qarab ularning orasida birinchilardan bo‘lib Asakabank bo‘lishi mumkin”, — dedi Davaktiv agentligi rahbari o‘rinbosari.

Asakabank‘ni sotish muddatlari haqidagi savolga Miraliyev davlat bankini xususiylashtirish jarayoni joriy yil oxirigacha yakunlanmasligi mumkinligini taxmin qildi.

Asakabank‘ni xususiylashtirish

Aprel oyida prezident Asakabank‘dagi davlat ulushini sotishni jadallashtirish chora-tadbirlarini tasdiqladi. Bank Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qiymati 382,5 mlrd so‘m bo‘lgan 4 ta ixtisoslashmagan loyihani va sobiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodining mol-mulkini topshiradi.

Bank ustav kapitaliga byudjetdan qo‘shimcha $95 mln yo‘naltiriladi. 2024−2025-yillar uchun oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lanmaydi. Bankning Iqtisodiyot va moliya vazirligi oldidagi qariyb 2 trln so‘mlik qarzi kapitalga aylantirilishi mumkin.

Sentyabr oyigacha hukumat Asakabank aksiyalarining 15% ini YTTBga sotish bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak. Shartnoma loyihasini ishlab chiqishga “katta to‘rtlik"dagi xalqaro konsultantlarni jalb etishga ruxsat berildi.

Spot avvalroq Davaktiv UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain xususiylashtirilishi bo‘yicha tender e’lon qilishi haqida yozgandi.