Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida noqonuniy Umra xizmatini taklif qilgan ikki shaxs ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Payariq tumanida faoliyat yurituvchi aviakassa rahbari Umraga yuborish huquqiga ega bo‘lmasa-da, mahalliy fuqaroni Saudiya Arabistoniga jo‘natish evaziga $1150 talab qilgan.

DXX va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ushlangan.

Guliston tumanida yashovchi shaxs uch nafar fuqaroni Toshkentdagi turistik firma orqali Umra ziyoratiga yuborish evaziga jami $3150 talab qilgan.

U mazkur mablag‘ hisobidan oldindan 3,5 mln so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish

2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.

15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.

Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.

2025-yilning avgustida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.


Spot, avvalroq, Toshkent va Farg‘onada fuqarolarni Umraga yuborishni va‘da qilgan shaxslar aniqlangani haqida yozgandi.