Apple iPhone 18 Pro va 18 Pro Max’dagi Dynamic Island kesimini kichraytirishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga Face ID’ning ayrim komponentlarini displey ostiga joylashtirish orqali erishilgan. Bu haqda X’dagi L0vetodream taxallusli insayder ma’lum qildi.
Face ID’ning infraqizil sensori panelning yuqori chap burchagiga ko‘chirilgan va hozir to‘g‘ridan-to‘g‘ri soat ko‘rsatkichi ostida joylashgan.
Modul yuzni ekran orqali to‘siqsiz aniqlashi uchun muhandislar displeyning ushbu qismida piksel zichligini kamaytirgan.
Ko‘zga tashlanadigan farqni yashirish va ekran ostidagi sensorni niqoblash uchun Apple tasvirni dasturiy ravishda moslashtirgan hamda ushbu hudud yorqinligini ikki baravar oshirgan. Shu sababli o‘tish oddiy ko‘z bilan deyarli sezilmaydi.

Biroq skanerni displey ostiga ko‘chirish kundalik foydalanishda ayrim cheklovlarni keltirib chiqargan. Agar yuqori chap burchak barmoq bilan yopilsa, qurilma qulfdan ochilmaydi.
Bundan tashqari, yangi iPhone egalari boshqa ishlab chiqaruvchilarning aksessuarlari bilan foydalanganda skaner samaradorligi pasayishiga duch kelishi mumkin.
Xususan, mat ekran qoplamalari va “antishpion” himoya oynalari (privacy-filtrlar) infraqizil nurlarni sochadi va ushlab qoladi. Natijada aniqlash sezgirligi qariyb ikki baravar pasayadi, yuzni dastlabki ro‘yxatdan o‘tkazishda xatolar yuzaga keladi va qurilmani faqat yaqin masofadan qulfdan chiqarish mumkin bo‘ladi.
Insayderning ta’kidlashicha, tizim to‘g‘ri ishlashi uchun foydalanuvchilar faqat AR (Anti-Reflective) aks ettirishga qarshi qoplamali, to‘liq shaffof himoya oynalaridan foydalanishi kerak.
AR qatlamsiz arzon plyonkalar Apple iPhone 17 avlodidan boshlab joriy etgan ekranning zavoddagi aks ettirishga qarshi xususiyatlarini yo‘qqa chiqaradi, mat variantlar esa biometrik autentifikatsiya ishlashini butunlay buzadi.
Avvalroq Spot Apple yanada kattaroq ekranli iPhone Duo Max’ni chiqarishi mumkinligi haqida yozgandi.