O‘zbekistonda magistratura bosqichida kadrlar tayyorlashning yangi tizimi joriy etiladi. Bu hukumatning tegishli qarorida belgilangan.

2026/2027-o‘quv yilidan magistraturada kadrlar ishlab chiqarish (amaliy) dasturi bo‘yicha kamida bir yil, ilmiy-pedagogik dastur bo‘yicha esa kamida ikki yil davomida tayyorlanadi.

Ta‘lim jarayoni tegishli mutaxassisliklarning o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq kunduzgi, kechki yoki masofaviy shaklda tashkil etiladi.

Ishlab chiqarish (amaliy) dasturi bo‘yicha tahsil olgan magistratura bitiruvchilari mutaxassisligidan kelib chiqib loyiha ishi, konstruktorlik yoki startap loyihasi, ratsionalizatorlik g‘oyasi, amaliy-ijodiy asar yoxud boshqa turdagi ishni tayyorlab, himoya qiladi.

Ilmiy-pedagogik dastur bitiruvchilari esa magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi. Dissertatsiya dastlabki himoyaga qadar plagiatga tekshirilib, “yashirin ekspert taqrizi"dan o‘tkaziladi.

Scopus hamda Web of Science ma‘lumotlar bazalariga kiritilgan jurnallarda maqola chop etgan magistratura talabalari belgilangan tartibda rag‘batlantiriladi.

Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutaxassisliklarning xususiyatidan kelib chiqib magistraturada o‘qish davomiyligini muvofiqlashtiradi.

Yangi tartib Odil sudlov akademiyasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta‘lim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.

Spot, avvalroq, jamoat xavfsizligi universitetida qabul kvotalari 900 nafargacha oshirilishi haqida yozgandi.