“Huquqiy axborot” kanali xabariga koʻra, Oʻzbekistonning chet davlatlardagi konsullik muassasasida konsullik roʻyxatida turuvchi Oʻzbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishga oid davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish va berish tizimi quyidagi axborot tizimlariga integratsiya qilinadi:

  • “FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimiga — nikoh va oila aʼzolari, vafot etganlik, yolgʻiz ona yoki yolgʻiz ota haqidagi maʼlumotlarni olish uchun;
  • “Notarius” axborot tizimiga — vasiylar va ota-onalar roziligini, hamrohlik qiluvchi shaxs majburiyatini tekshirish uchun;
  • “Tezkor maʼlumotlar” axborot tizimiga — sudlanganlik, maʼmuriy nazoratda turganlik, shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan va shartli hukm qoʻllanilganlik, jinoyat ishi qoʻzgʻatilganlik holatlarini tekshirish uchun;
  • “Manzil” axborot tizimiga — ota-onadan biri Oʻzbekiston hududidagi doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxati xorijga doimiy yashashga ketgani munosabati bilan bekor qilinganini tekshirish uchun;
  • “Yagona milliy mehnat tizimi” axborot tizimiga — oxirgi 5 yilda ishlagan joyi haqidagi maʼlumotlarni olish uchun;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga — ushbu axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish uchun;
  • “TIEK” axborot tizimiga — I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish uchun.

2022-yil 1-avgustgacha davlat xizmati YaIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilishi amaliyotga toʻliq joriy qilinadi.

YaIDXPda davlat xizmatlari koʻrsatilishi har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etiladi.

Davlat xizmatlari koʻrsatilgani uchun toʻlangan davlat boji summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron toʻlash imkoniyati yaratiladi.