Maishiy texnika taqchilligi fonida rossiyalik chakana sotuvchilar Oʻzbekiston, Turkiya va Xitoy ishlab chiqaruvchilari hisobiga oʻz assortimentini kengaytirmoqda. Xususan, “М.Видео-Эльдорадо” Oʻzbekistonning Artel ishlab chiqaruvchisi bilan yetkazib berish boʻyicha kelishib oldi, deya yozmoqda “Kommersant”.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, Artel Rossiya bozorining 5%ini egallashi mumkin, ammo bu borada baribir Xitoy brendlarining imkoniyatlari yuqoriroq baholanmoqda.

Texnik buyumlar oʻrtacha narx oraligʻida birinchi boʻlib iyul-avgust oylarida sotuvga chiqariladi. Yil oxiriga qadar mahsulotlar turini 16 tadan 100 tagacha kengaytirish rejalashtirilgan.

Artel kompaniyasi Oʻzbekistondagi oltita zavodda yiliga 4 mln donadan ortiq uskunalar ishlab chiqaradi va MDH, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlariga eksport qiladi. U Samsung, Shivaki, Viessmann kompaniyalarining mintaqaviy hamkori sifatida faoliyat olib boradi.

Holodilnik.ru vakili Aleksey Pogudalovning fikricha, sovitish uskunalari va pechlar toifasida oʻzbek ishlab chiqaruvchisi raqobatchilarni siqib chiqarishi mumkin. Uning soʻzlariga koʻra, Artel ikki yil ichida “toʻgʻri strategiya bilan” Rossiya Federatsiyasidagi maishiy texnika bozorining 3% dan 5%igacha egallashi ham hech gap emas.

Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan soʻng, koʻplab xorijiy maishiy texnika va elektronika ishlab chiqaruvchilari, jumladan Samsung, Bosch, LG va boshqalar Rossiyaga yetkazib berishni toʻxtatdilar. Mart oyida mamlakatda yirik maishiy texnikaga boʻlgan talab 2,3 barobar oshdi.


Rossiya bozorini tark etgan xalqaro kompaniyalar haqidagi maʼlumotni ushbu havoladan olishingiz mumkin.