“Toshkent metropoliteni"ning xabar berishicha, ayni kunlardagi anomal issiq tufayli ayrim yoʻnalishlarda poyezdlar harakati tezligiga vaqtincha cheklov joriy etiladi.

Qayd etilishicha, 22-iyul sanasida “Yer usti halqa yoʻli” va “Sergeli” yoʻlining temiryoʻllari va ularning poʻlat qismlarining harorati +65 darajaga yetdi.

Poyezdlar harakati va yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida yer ustida harakatlanuvchi metro poyezdlar harakat tezligi soat 14:00 dan 18:00 ga qadar 25 km/soatgacha tushirildi, deyiladi xabarda.

Bungacha “Chilonzor” yoʻnalishining yer osti yoʻli qismida (“Olmazor"-"Buyuk ipak yoʻli”) poyezdlar tezligi 40 km/soatga tushirilgan edi.

Avvalroq “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” ham anomal issiq ob-havo tufayli poyezdlar harakat jadvalida oʻzgarish kiritilgani haqida xabar bergandi.