“Uzbekistan Airports” boj olinmaydigan savdo doʻkonlari (duty free) bilan shugʻullanuvchi “Central Asia Megastar” ulushini sotib oldi. Bu haqda Moliya vazirligining korparativ axborot yagona portalida ma’lum qilingan.

Kompaniyaning “Central Asia Megastar"ning 23,3% ulushiga ega boʻlishi 400 mln 344 ming so‘mga tushdi.

Aktivni topshirish yuzasidan qaror 20-iyul kuni ma’qullangan. Kelishuv 29-iyul kuni yakunlangach, 2-avgust kuni “Uzbekistan Airports” kompaniyani o‘zining afillangan shaxslari ro‘yxatiga kiritdi.

“Central Asia Megastar"ning qolgan 25,6% ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga hamda 51,1%i “Premium Globe Investment” jamiyatiga tegishli.

“Duty Free Uzbekistan” tarmog‘i tarkibiga Toshkent aeroporti hududidagi 7 ta doʻkon va 2 ta bar, shuningdek, Samarqand, Buxoro va Urganch havo bandargohlaridagi savdo shoxobchalari kiradi.

Bundan tashqari, 2011-yilda kompaniya poytaxtda diplomatik xodimlar uchun boj olinmaydigan “Diplomatik do‘kon” ochdi. 2020-yildan buyon Termiz-Afg‘oniston bojxona postida ham “duty free” savdo xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.


2020-yilda O‘zbekistondagi “Duty Free” do‘konlarini boshqaruvchi “Central Asia Megastar” xusuyishlashtiriladigan kompaniyalar ro‘yxatidan o‘rin olgandi.

Shunda kompaniya doimiy ravishda sof daromad keltiruvchilar ro‘yxatidagi kam sonli kompaniyalardan biri ekanligi ham ma’lum bo‘ldi.