Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Uzbekistan Airways” kompaniyasini xususiylashtirish ishlarini boshlamoqda. Bu haqda agentlik ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun professional konsalting kompaniyasini tanlab olish yuzasidan tanlov e’lon qilindi.

Barcha qiziqish bildirgan mahalliy va xorijiy talabgorlar takliflari so‘rovnomaga asosan qabul qilinadi.

Qo‘shma tijorat taklifini taqdim etuvchilar jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultantni ko‘rsatishi lozim.

Takliflar joriy yilning 17-sentabrigacha qabul qilinadi.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Kompaniya haqida

Uzbekistan Airways” AJ — O‘zbekiston aviatsiya va xalqaro qoidalarining nizomiga muvofiq har qanday ko‘rinishdagi yengil va og’ir yuklarni, pochtalarni hamda yo’lovchilarni havo kemalari orqali tashish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi.

Kompaniya 50 dan ortiq belgilangan yo’nalishlarda, jumladan Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerika mamlakatlariga muntazam ravishda reyslarni amalga oshiradi.

20 dan ortiq dunyo shaharlarida aviakompaniyaning vakolatxonalari mavjud.

2021-yil yakuniga ko‘ra, kompaniyaning sof tushumi 6,3 trln so‘mni, sof foyda esa 53,7 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, kompaniya 4,2 trln so‘m ustav kapitaliga ega.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways"ning ayrim samolyotlarini sotish jarayoni boshlangani haqida xabar bergandi.