Avvalroq Gulnora Karimovaning $131 mln.lik aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolangandi.

Hujjat bilan qariyb $131 mln.ga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarish va uning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlari belgilangandi.

Hozirda qo‘shimcha $350 mln miqdoridagi mablag‘larni musodara qilish masalasi Shveysariya sudlarida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shu bilan birga, $205 mln.ning O‘zbekistonga qaytarilishi yakuniga yetmoqda.

Bitimga ko‘ra, aktivlarni qaytarish quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirilishi belgilangandi:

  • ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish;
  • ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
  • qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
  • O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.

Shuningdek, O‘zbekiston, Shveysariya va BMT ishtirokidagi uch tomonlama restitutsiya mexanizmiga alohida e’tibor beriladi.