Avvalroq “Spot” Shvetsiyaning “H&M” kompaniyasi Rossiyadagi do‘konlarini zaxiradagi tovarlarni sotish uchun ochgani haqida yozgandi.

Endi esa kompaniya oktabr oyi oxirigacha Sibir va Uzoq Sharq shaharlaridagi do‘konlarini yopishni rejalashtirmoqda, xabar berdi “Kommersant” chakana ko‘chmas mulk bozoridagi ikki manbasiga tayanib.

Mamlakatning markaziy qismida chakana sotuvchi eng kam daromadli do‘konlarni yopishdan boshlab, biznesni bosqichma-bosqich qisqartiradi, deya aniqlik kiritdi “Kommersant” suhbatdoshlaridan biri.

“H&M” allaqachon ba’zi savdo markazlari bilan kelishuvga erishgan va noyabrgacha binolarni bo‘shatadi", — dedi “CORE.XP” chakana savdo maydonlari lizing bo‘limi boshlig‘i Nadejda Svetkova.

Shu yilning mart oyida shved riteyleri Ukrainadagi urush tufayli Rossiyadagi savdolarni to‘xtatishini, iyul oyida esa Rossiya bozoridan chiqishini e’lon qilgandi.

28-iyulda esa “Kommersant” o‘z manbasiga tayanib, H&M Rossiyadagi aktivlari uchun xaridor qidira boshlaganini yozdi.