Rossiyaning “Luca’Denim” kiyim-kechak kompaniyasi O‘zbekiston va Qirg‘izistonga buyurtma berishni boshladi. Bu haqda “Город N” xabar bermoqda.

Kompaniya asoschisi Anastasiya Lukinaning ta’kidlashicha, “Rostov-na-Donu” kompaniyasida Ukrainadagi mojarolar sabab bunga zarurat tug‘ilgan.

Shuningdek, logistika bilan bog‘liq muammolar, valyuta kurslari va narxlarning beqarorligi kompaniyani yaqin xorijdan hamkorlar izlashga undadi.

Bungacha “A1FA” kiyim brendi Xitoy va Turkiyadagi yetkazib beruvchi va pudratchilar bilan hamkorlik qilishni rejalashtirgandi.

Biroq, endi turk matolari kompaniya uchun juda qimmat bo‘lib qoldi va xitoyliklarning yetkazib berishi uchun uzoq kutish kerak.

“Rossiya kompaniyalari uchun MDH davlatlari bilan hamkorlik “biroz barqarorlik, xavfsizlik va aniqlik beradi”, — dedi Lukina.

U shaxsan O‘zbekistondagi “buyurtma bo‘yicha gazlama yetkazib beradigan va kiyim tikadigan” fabrikalarni qidirdi.

Buyurtmalar hajmi nisbatan kichik bo‘lgani uchun O‘zbekistondagi hamma to‘qimachilik fabrikalari ham “Luca'Denim” bilan hamkorlik qilishni xohlamagan.

Biroq, yakunda “Luca'Denim” kelgusida buyurtmalar o‘sishidan kelib chiqib, ikkita kompaniya bilan gazlama yetkazib berish va tikuvchilik bo‘yicha kelishib oldi.

Endilikda kompaniya O‘zbekistonda 90% materiallarga buyurtma berib, oyiga 6 ming dona kiyim tikishi belgilandi.

Joriy yilning mart oyida xorijiy kompaniyalar Rossiya bozorini tark etgach, mahalliy kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilarning, shu jumladan Ural dizaynerlarining savdosi o‘sishni boshladi.

Biroq, talabning o‘sishiga qaramay, mahalliy ishlab chiqaruvchilar kadrlar yetishmasligi, matolarni yetkazib berish va odatdagi tarqatish kanallarining yopilishiga duch kelishmoqda.

“Local Retail Group” tijorat direktori Arina Biryukovaning so‘zlariga ko‘ra, matolar bilan bog‘liq muammo O‘zbekiston tufayli hal bo‘lgan.

Ilgari ularning “Hard Store” brendi kiyimlari uchun turk materialidan foydalanilgan bo‘lsa, endi ular o‘zbek hamkasblariga murojaat qilishga majbur.

Kompaniya haqida

“Luca'Denim” bir nechta yo‘nalishlarda ishlaydigan rus eksperimental ishlab chiqarish kompaniyasi.

Unda eksperimental ishlanmalar, dizayn studiyasi, dizayn bo‘limi, kiyim sanoati, mato bezaklari, matolarni qayta ishlash kabi xizmat turlarini taqdim etadi.

Shuningdek, “A1FA” brendi ostida o‘zining yoshlarga mo‘ljallangan kiyimlarini ishlab chiqaradi.