“OPEK+” davlatlari Venada boʻlib oʻtgan yigʻilishda noyabr oyida neft qazib olish kvotalarini kuniga 2 mln barrelga kamaytirishga qaror qildi. Bunga “Kommersant” ahamiyat berdi.

Shuningdek, ittifoq aʼzolari neft bozoridagi muvofiqlashtirishni 2023-yil oxirigacha uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishdi.

Natijada eng yirik neft qazib oluvchilar Saudiya Arabistoni va Rossiyaning ishlab chiqarish hajmi kuniga 500 ming barrelga kamayadi.

Ekspertlar OPEK+ qarori tufayli neft narxi bir barrel uchun $90 darajasida ushlab turilishini kutmoqda.

Rasmiy ravishda oktabr oyida ishlab chiqarish kvotalari darajasi kelishuv boshida (2020-yil aprelda) belgilangan kvotalar bazaviy darajasiga toʻgʻri kelgan boʻlsa-da, aslida OPEK+ mamlakatlari oʻz kvotasidan kuniga 3,5 mln barrelga kam ishlab chiqarishgan.

Xususan, kelishuvga koʻra, Rossiya sentabr oyida neft qazib olish hajmini (gaz kondensatisiz) sutkalik 11 mln barrelga oshirishi kerak edi.

Lekin amalda esa sutkada 9,9 mln barrel neft qazib olingan. Kelishuv natijasida Rossiyaning kvotasi kuniga 10,5 mln barrelgacha qisqartiriladi.

OPEK bilan hamkorlik bo‘yicha mas’ul Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak sanksiyalar ishlab chiqarishning vaqtinchalik pasayishiga olib kelishi mumkinligini tan oldi.

Uning soʻzlariga koʻra, 2023-yilda Rossiya hukumati ishlab chiqarishni (kondensat bilan) joriy yildagi 530 mln tonnaga nisbatan 490 mln tonnagacha kamaytirishi kutilmoqda.

Neft qazib olishni qisqartirish to‘g‘risidagi qaror narxlarning $100 dan oshishiga olib keladi, deydi “Bloomberg” so‘rovida ishtirok etgan tahlilchilar.

“Brent neftining narxi biz o‘ylaganimizdan tezroq bir barrel uchun $100 ga yaqinlashadi”, dedi “Morgan Stanley” banki tahlilchisi Martin Rats.