Avvalroq Yaponiyaning “Toyota” kompaniyasi Rossiyadagi zavodini yopib, yangi avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida ma’lum qilgandi.

Endilikda esa “Nissan” avtokonserni Rossiya bozoridan ketishga qaror qildi, deya xabar berdi “Kommersant” nashri.

Kompaniya Rossiyadagi aktivlarini olti yil ichida qayta sotib olish imkoniyati bilan ramziy 1 yevroga Sanoat va savdo vazirligiga bo‘ysunuvchi korxonaga o‘tkazadi.

“Muzokaralar natijasida zavod oʻz faoliyatini davom ettiradigan formatga erishdik. Asosiy vakolatlar, ishlab chiqarish sikli va ish oʻrinlari saqlanib qolinadi”, — dedi Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov.

Shunga o‘xshash sxemaga ko‘ra, “Nissan"ning global alyansdagi hamkori va yapon kompaniyasining 43% ulushiga ega bo‘lgan “Renault” Rossiya bozorini tark etgan.

May oyida fransuz kompaniyasi 1 rubl evaziga Rossiya hukumatiga “AvtoVAZ"dagi ulushini qaytarib sotib olish huquqi bilan Moskvadagi zavodini topshirgandi.

Yaponiya markali avtomobillarga, shuningdek, Renault avtomobillariga texnik xizmat ko‘rsatish “AvtoVAZ"ga o‘tkazilgandi.

Agar “Nissan” aktivlarini qayta sotib olishga qaror qilsa, kompaniya yangi sarmoya uchun kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘ladi.

“Kommersant” ma’lumotlariga ko‘ra, Sanoat va savdo vazirligi barcha xorijiy konsernlarga qaytarib sotib olish sxemasini taklif qilgan, lekin ko‘pchilik kompaniyalar bu variantga unchalik qiziqish bildirmagan.