Elektron to‘lov tashkilotlari faoliyatida uzilishlar yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi.

Bu bo‘yicha “Payme” ilovasi joyida to‘lovlar, QR-kod orqali to‘lov, “Telegram"-kanallarida to‘lov — barcha to‘lovlarni fiskallashtirish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani sababli vaqtincha ishlamasligi haqida xabar berdi.

Shuningdek, “Click” ilovasida profilaktika ishlari sabab ayrim hamkorlariga to‘lovni amalga oshirish imkoni vaqtinchalik mavjud emasligini keltirgan.

“Apelsin” ilovasi esa joyida to‘lov hamda QR-kod orqali to‘lovlar vaqtinchalik ishlamasligini ma’lum qilgan.

Shu sabab ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holat to‘lov tashkilotlarining Davlat soliq qo‘mitasi bilan integratsiyasi tufayli yuzaga kelgan, degan xabarlar tarqala boshladi.

Davlat soliq qo‘mitasi bu bo‘yicha munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, to‘lov tizimlari operatorlari o‘z to‘lov tizimlarini onlayn-NKMiga majburiy ravishda ulash va shu orqali soliq organlarining axborot tizimlariga 2022-yil mart oyidan integratsiyalashni ta’minlash talabi o‘rnatilgan.

Aholi bilan pullik hisob-kitoblarni amalga oshirishda elektron to‘lov tizimi orqali elektron fiskal chek taqdim qilish tartibi belgilangan.

Xususan, mavjud 48 ta elektron to‘lov tashkilotidan 25 tasi fiskal ma’lumotlar operatoriga integratsiyani to‘liq yakunlagan.

Ayrim hollarda xaridlar uchun to‘lovlarni P2P (kartadan kartaga o‘tkazish) qilish kuzatilmoqda.

“Raqamlashtirish bilan bog‘liq amaliy tajriba iqtisodiy faollikni oshirish va qonuniy faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlarni himoya qilish ta’minlanganligini ko‘rsatdi”, deyiladi xabarda.

Raqamlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan xarid cheklari soni 185%ga, xarid summasi esa 176% ga oshganini ko‘rsatdi.

Qo‘mitada ta’kidlashicha, bu raqamlarni yashirin iqtisodiyotni soyadan chiqarish natijalari deb olish mumkin.