Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda ipoteka bozorini yaxshilashga $150 mln miqdorida qarz ajratmoqchi. Bu haqda bankning matbuot xizmati xabar berdi.

Bankning “Ipoteka bozori sektorini rivojlantirish” dasturi doirasida ajratilayotgan mazkur qarz O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasiga (IQMK) taqdim etilayotgan moliyalashtirishni to‘ldiradi, deyiladi xabarda.

Bunda “yashil” ipotekani qayta moliyalash bilan shug‘ullanadigan hamda talablarga javob beradigan moliya institutlariga mahalliy valyutadagi resurslardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsad qilingan.

O‘zbekistonliklar “yashil” ipotekadan isitish va sovutish tizimlarini ta’mirlash yoki o‘rnatish, quyosh panellarini o‘rnatish, gidroizolyatsiyani yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish uchun foydalanishlari mumkin.

“Xavfsiz va farovon uy — insonning asosiy huquqidir va biz O‘zbekistonda hamyonbop ipoteka kreditlarini olish imkoniyatini oshirishga yordam berganimizdan mamnunmiz”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu dastur iqlim o‘zgarishini yumshatishga hissa qo‘shadi. Bank ko‘magida IQMK uy-joy sharoitini yaxshilash uchun beriladigan “yashil” ipoteka uchun vositalar to‘plamini ishlab chiqadi va amaliyotga joriy etadi.

OTB dasturi doirasida kreditlarning kamida 32,5%i ayollarga berilishi lozim, deyiladi xabarda.

“Bank sektoriga „yashil“ moliya va innovatsion mahsulotlarning kiritilishi bozorga asoslangan ipoteka kreditlarining muddatini ham uzaytiradi”, — dedi OTBning moliya sektori bo‘yicha bosh mutaxassisi Sayed Ali-Mumtaz X. Shax.

O‘tgan oyda bank Oʻzbekistonda shaharsozlik rivojiga qariyb $60 mln ajratishi ma’lum qilingandi.

Shuningdek, Samarqandda o‘tkazilgan iqtisodiy forum doirasida OTB bank Buxoro issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishga $100 mln, o‘rtasida maktabgacha ta’lim muassasalarini qurishga $75 mln, Buxoro va Andijon viloyatlarida tibbiyot markazlarini tashkil etishga $240 mln, budjetni qo‘llab-quvvatlash loyihasiga $500 mln.lik bitimlarni imzolagandi.