21-noyabrdan boshlab 20 kun davomida joriy yilning 1-yanvaridan xato chop etilgan onlayn-NKT cheklarini tahrirlashga ruxsat berildi.

Buning uchun Elektron soliq xizmatlari portali orqali shaxsiy kabinetga kirish kerak bo‘ladi. Unda “YUSh onlayn-NKM va virtual kassa ma’lumotlari” sahifasidan “Tahrirlash” bo‘limiga kiriladi.

Qidiruv tizimiga chekning fiskal modul ID va raqamini kiritib tuzatiladigan chek topiladi. Ochilgan oynada chek ma’lumotlarini tahrirlash mumkin bo‘ladi.

Chek ma’lumotlarini tahrirlashda quyidagilarni o‘zgartirish mumkin:

  • MXIK;
  • miqdori;
  • o‘lchov birligi;
  • chek summasi;
  • komitent STIRi;
  • to‘lov turi (naqd pul yoki bank karta).

Barcha o‘zgartirishlar kiritilganidan so‘ng, faqat bitta fayl — tadbirkorlik subyektining holat yuzasidan batafsil tushuntirishi bayon etilgan rasmiy xati (muhrlangan firma blankida) ilova qilinishi lozim.

Tuzatish kiritish uchun yuborilgan cheklar hududiy davlat soliq boshqarmasida tuzilgan ishchi guruhi bilan kelishilgan holda tezkorlik bilan o‘rganiladi.

Ko‘rib chiqish natijasi ijobiy deb baholansa, chek holati “qabul qilingan"ga o‘zgaradi.

Rad etilgan taqdirda soliq organining izohiga ko‘ra, tuzatishlar kiritilib qayta yuborilishi lozim. Yakunda, “Hisoblash” va “Jo‘natish” tugmasi bosiladi.

Bunda iste’molchilarga xarid summasidan 1% qaytarilgan (keshbek) cheklar tahrirlanmasligi keltirilgan.


Avvalroq “Spot” yollanma xodimlar soliq organlarida qanday hisobga qo‘yilishi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.