2022-yilning yanvar-oktabr oylarida Xitoyga gaz quvuri orqali yoqilg‘i yetkazib beruvchi davlatlar ichida Turkmaniston yetakchilik qilmoqda. Bu haqda Xitoy bojxona bosh boshqarmasiga tayanib “TACC” xabar berdi.

Unga ko‘ra, mazkur davrda mamlakatdan Xitoyga $8,23 mlrd mahsulot yetkazib berilgan.

Turkmanistondan keyin, ikkinchi o‘rinda Rossiya turibdi. Mamlakatning Xitoyga quvur orqali gaz yetkazib berish qiymati $3,1 mlrd dollarni tashkil etgan hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 182%ga o‘sgan.

Shu bilan, uchinchi o‘rinda qiymati $1,13 mlrd.lik yetkazilgan yoqilg‘isi bilan Myanma turibdi. Undan keyingi pog‘onani Qozog‘iston ($996,5 mln) egalladi.

O‘zbekiston gaz quvuri orqali yetkazib berilgan $916,7 mln.lik yoqilg‘isi bilan beshinchi o‘rinni qayd etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 52,5%ga o‘sgan.

Avvalroq, Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekistonda tabiiy gaz eksporti deyarli to‘xtatilganini ta’kidlagandi.

Xususan, bir kunlik prognoz ko‘rsatkichlari qariyb 10 mln kub.metr tabiiy gaz eksport qilinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan eksport hajmi 1 mln kub.metrga yetmaydi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev esa “GTL” kompaniyasidagi ishlab chiqarish 50%ga kamaytirilib, qolgan gaz aholiga berilishi rejalashtirilayotganini qo‘shimcha qildi.