O‘zbekiston respublika valyuta birjasi (O‘zRVB) savdo platformasida birlamchi dilerlar o‘rtasida davlat qimmatli qog‘ozlarini (DQQ) joylashtirish bo‘yicha birinchi auksion savdolari o‘tkazildi. Bu haqda valyuta birjasining matbuot xizmati xabar berdi.

Birlamchi dilerlar qatoriga Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Ipoteka-bank”, “Xalq banki”, “Asaka bank” va “Asia Alliance bank” kabi 9 ta bank kiradi.

Qayd etilishicha, auksionlarda joylashtirilgan DQQ soni 560 ming donani tashkil etgan.

Tuzilgan shartnomada birlamchi dilerlar uchun Moliya vazirligi tomonidan birlamchi savdolarda joylashtiriladigan DQQni sotib olishning minimal miqdori belgilanishi bilan birga, birlamchi dilerlarning ikkilamchi bozorda likvidlikni saqlash bo‘yicha majburiyatlari, faoliyatini rag‘batlantirish shartlari ko‘rsatilgan.

DQQ bozorida birlamchi dilerlarning faoliyati, ikkilamchi bozor rivojlanishiga, daromadlilik egri chizig‘i shakllanishiga va bu orqali bozor ishtirokchilar soni oshishiga hamda xorijiy investorlarni jalb qilishga ko‘maklashadi, deyiladi xabarda.

O‘zRVB davlat obligatsiyalari bozorida barcha xizmatlarni, shu jumladan, platformalarda qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va muomalaga chiqarishni tashkil etish, hisob-kitob, kliring va depozitar xizmatlarni taqdim etadi. Bu esa bozor ishtirokchilari uchun qo‘shimcha savdo strategiyalarini yaratadi.

Joriy yilning oktabr oyida O‘zRVB valyuta bozorining yangi in-house savdo platformasida valyutaviy fyuchers operatsiyalarini amalga oshirish imkoni yaratilgandi.

Shuningdek, O‘zRVBdagi umumiy savdolar hajmi 549,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 86,1% o‘sgan.