Rossiyaning Ural viloyatidagi “Jiznmart” supermarketlar tarmogʻi Oʻzbekiston va Qozogʻistonda franchayzing doʻkonlarini ochishi mumkin, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri tarmoq direktori Kseniya Lisenkoga tayanib.

Xabarga koʻra, oktabr oyida kompaniya vakillari mahalliy bozorning o‘ziga xos xususiyatlari va potentsial raqobatchilarni baholash maqsadida Qozog‘istonga tashrif buyurgan.

“Qozogʻiston uchun master franchayzing oʻyicha taklifni ishlab chiqdik va biz kompaniya manfaatlarini ifodalovchi yagona shaxs boʻladigan sherik topmoqchimiz. U mahalliy bozorning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunishi kerak”, — dedi Lisenko.

Uning qoʻshimcha qilishicha, franchayzing doʻkonlarini ochmoqchi boʻlgan tadbirkorlar tarmoqni rivojlantirish va boshqa mamlakatda ilgari surish uchun 5−7 yil vaqt sarflashga tayyor boʻlishlari kerak.

Avvalroq tarmoq egasi Ivan Zaychenko “Jiznmart” supermarketlarini Dubayda, keyin esa boshqa amirliklarda ochish rejasini ma`lum qilgan edi.

Kompaniya BAAda boshqaruv kompaniyasini yaratish va oʻz doʻkonini ochish, shuningdek, franchayzalarni sotishga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

Kelajakdagi investor mamlakatda yashashi, shuningdek, 12−18 oy ichida $100−200 ming sarmoya kiritishi kerak boʻladi.


Avvalroq Rossiyaning “Yobidoyobi” kompaniyasi Oʻzbekiston va MDH davlatlariga ko‘chgan rossiyaliklarga 50 mln rubl miqdorida grantlar ajratishi, ular bu mablag‘ bilan o‘zlari yashayotgan mamlakatda tarmoq franshizasini ochishi mumkinliginhaqida xabar berilgandi.