Shavkat Mirziyoyev Samarqandning turizm salohiyatini rivojlantirish chora-tadbirlarini tasdiqladi.

Unga ko‘ra, mahalliy tadbirkorlar 2026-yilgacha 4 yulduzli va undan yuqori toifadagi mehmonxonalarni qurish va ulardan foydalanish uchun asbob-uskunalar, maxsus texnika, butlovchi qismlar, yoqilg‘i, xomashyo va materiallar, inventar va boshqa materiallarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan ozod etildi.

Shuningdek, Samarqand turistik markazida obyektlar qurish bilan shugʻullanuvchi kompaniyalar vaqtinchalik olib kirish rejimida olib kirilayotgan maxsus texnika va mexanizmlar uchun davriy bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.

Bundan tashqari, ikki oy muddatda Samarqand turistik markazi hududida chet ellik sayyohlar uchun boj olinmaydigan savdo do‘konlarini ochish taklifi berildi.

Shu bilan birga, 2023-yil 1-sentabrgacha tadbirkorlar va investorlarni jalb qilgan holda, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda avtobus (mikroavtobus) qatnovlarini axborot texnologiyalari orqali yo‘lga qo‘yish belgilab berildi.

Bunda chiptalarni “Uzbus” platformasi orqali xarid qilish imkoniyati yaratilib, avtobuslarga GPS qurilmalari o‘rnatiladi.


Avvalroq “Spot” 2022-yilda turizm sohasidagi asosiy tendensiyalar haqida yozgandi.