Turkiya Markaziy banki asosiy foiz stavkasini noyabr oyida belgilangan 9% darajasida saqlashga qaror qildi. Bu haqda regulyator o‘z veb-saytida ma’lum qilgan.

Noyabr oyida Turkiya Markaziy banki oxirgi marta ko‘rsatkichni 1,5% punktga pasaytirdi, shundan so‘ng pasayish siklini dekabrda yakunlashga qaror qildi.

“Ayni paytda regulyatorning vazifasi kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini yanada pasaytirish va aholining milliy valyutaga bo‘lgan talabini parallel ravishda oshirishni ta’minlashdan iborat”, deyiladi xabarda.

Markaziy bank inflyatsiyaning tezlashishi davom etayotganiga qaramay, pul-kredit siyosatini ketma-ket besh oy davomida yumshatdi.

Turkiyada yillik inflyatsiya noyabr oyida 84,4%ni tashkil qilgan, deb yozadi “Bloomberg”. Shu bilan birga, mamlakatda inflyatsiya 1998-yildan beri eng yuqori darajaga yaqinligicha qolmoqda.

Dekabr oyi yakunlari bo‘yicha mamlakatda narxlarning o‘sishi yillik ko‘rsatkichda 64,27%ga yetdi. Biroq, o‘tgan oy bilan solishtirganda, inflyatsiya sekinlashib, pasayish taxminan 20% punktni tashkil etgan.

O‘tgan oyda narxlarning o‘sishiga uy-joy va kommunal xizmatlar (79,83%), alkogolsiz ichimliklar (77,9%) va transport (54,5%) narxlarining oshishi sabab bo‘ldi.

“Bloomberg” tahlilchilarining aytishicha, asosiy stavka o‘tgan oylar darajasida saqlanib qolganiga qaramay, Turkiya Markaziy banki parametrni pasaytirishda davom etishi mumkin.

Nashr shuningdek, mamlakat pul-kredit siyosatining yumshatilishini Turkiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik va parlament saylovlari bilan ham bog‘ladi.


Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 15% darajasida o‘zgarishsiz qoldirgandi.